MaRJoNa | Дата: Yakshanba, 17.02.2013, 14:31 | Сообщение # 1 |
 Рядовой
Группа: Sayt Moderatori (SM)
Сообщений: 314
Статус: Saytda emas
| QIYOMAT SURASI Bu sura ham Makka suralaridan bo‘lib, qirq oyatdan iboratdir. Suraning nomidan ma’lum bo‘lib turganidek, unda so‘z asosan Qiyomat kuni hamda qayta tirilish xususida boradi. Dastlabki oyatlarda Alloh taolo nainki har bir insonning suyaklarini yig‘ib to‘plashga, balki uning barmoqlarigacha tiklab but qilishga qodir ekani uqtirilganidan so‘ng, ana o‘sha Qiyomat kunining alomatlari zikr qilinadi va u Kun kelgach, biron inson Tangri taoloning odil jazosidan qocharga joy topa olmay qolishi haqida xabar beriladi. Shuningdek, bu surada payg‘ambar alayhis-salomga nozil bo‘layotgan vahiyni qanday qabul qilib olishlari lozimligiii ta’lim beradigan oyatlar mavjuddir. Sura davomida dunyo maishatiga mukkasidan ketib, oxiratni unutayotgan kimsalarga dashnom berilib, u Kunda insonlar ikki toifaga — Parvardigorning diydoriga musharraf bo‘lgan saodatmandlarga va yuzlari qaro badbaxtlarga bo‘lishlari to‘g‘risida ogohlantiriladi hamda ajal yetib, o‘lim soati kelgan vaqtida jon taslim qilayotgan kishi ro‘baro‘ bo‘ladigan dahshatlar bayon etiladi. Sura qayta tirilish haq ekanligi to‘g‘risida bir ibratli aqliy dalil keltirish bilan xotima topadi.Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. Men Qiyomat kuniga qasam ichurman.2. Va Men malomatgo‘y nafsga qasam ichurmanki, (hech shak-shubhasiz qayta tirilib, hisob-kitob qilinursizlar)!I z o h. Ushbu oyati karimadagi «malomatgo‘y nafs» o‘z egasi Tangri taologa ibodat qilishda qosirlik-beparvolik qilsa malomat qiladigan nafsdir. Umuman, Qur’onda nafs kalimasi uch xil sifat bilan keladi: 1. Nafsi ammora (Yomonlik-gunohga) buyurguvchi nafs (Yusuf surasi, 53-oyat), 2. Malomatgo‘y nafs, 3. Xotirjam-sokin nafs (Fajr surasi,27-oyat).3. Inson Bizni uning (chirib, tuproqqa aylanib ketgan) suyaklarini hargiz to‘play olmas, deb gumon qilurmi?!4. Yo‘q, Biz uning barmoqlarini (ham) tiklab joyiga keltirishga qodir bo‘lgan zotdirmiz!I z o h. Alloh taolo Qiyomat kunida har bir insonning barmoqlarigacha tiklab – asl holiga keltirishi haqidagi xabardan ikki narsani uqish mumkin: Birinchidan, shunday kichik nozik barmoqlarni tiklashga qodir bo‘lgan zot boshqa suyak-so‘ngaklarni ham tiklay olishi shubhasizdir. Ikkinchidan, Qiyomat qoyim bo‘lganida har bir banda hayotidunyoda qilib o‘tgan barcha yaxshi-yomon amallariga javob berar ekan, uning barmoqlari butun bo‘lishi o‘ta muhimdir. Chunki dunyodagi hech bir kishining barmoq izi ikkinchi kishining barmoq iziga o‘xshamaydi. (Bu haqiqatni ilm-fan o‘rganib, isbotlashidan necha asr ilgari Qur’oni Karim bir og‘iz so‘z bilan aytib qo‘yganining o‘zi barcha insonni har bir barmog‘igacha yaratgan ham, ushbu aziz Kitobni yuborgan ham yolg‘iz Alloh ekaniga ochiq dalolatdir)! Binobarin, qilingan barcha ezgulik ham, yomonlik ham adolat tarozusida tortilib, o‘zining mukofot yoki jazosini oladigan Kunda har bir barmoq o‘z egasining hayoti-dunyoda qilib o‘tgan qilmishlariga jonli guvoh bo‘lishi shubhasizdir.5-6. Balki inson oldinda (kelgusi hayotida ham) fisq-fujur (gunoh amallarni) qilmoqni istab: «Qiyomat kuni qachon o‘zi?» deb so‘rar?!I z o h.[i Iymonsiz kimsalarni yomon amallar qilishdan qaytarilsa, ular o‘zlari o‘rganib qolgan fisq-fujurlaridan ajralgilari kelmasdan «Qiyomatgacha hali juda uzoq, keksayganimizda qilgan gunohlarimizga tavba-tazarru qilib olamiz», deydilar, (Xuddi qo‘llarida to keksayib, tavba qilgunlaricha o‘lmaslik haqida vasiqalari bordek)! Quyidagi oyatlarda ana shunday kimsalarning Qiyomat kunidagi ahvoli tasvirlanadi.[/I]7-8-9-10. Bas, (ko‘rgan dahshatlaridan) ko‘z qamashib, (osmondagi) oy ham tutilgan holda quyosh va oy birlashtirilgan vaqtda – ana o‘sha Kunda u inson «(u balo-ofatlardan) qaerga qochib-qutulish mumkin?» deb qolur!11. Yo‘q! (Ey inson, Allohning azobidan qochib qutuladigan) biron boshpana yo‘qdir!12. U Kunda yolg‘iz Parvardigoring (hukm qilgan joy)ga qaror topishgina bordir!13. U Kunda insonga (hayoti-dunyodalik chog‘ida) qilib o‘tgan va (o‘zidan keyin) qoldirgan (barcha) narsalarning (ya’ni yaxshi-yomon amallarning) xabari berilur.14-15. Balki (U Kunda) inson, garchi o‘z uzr-bahonalarini (o‘rtaga) tashlasa – keltirsa-da, (uning barcha a’zolari) o‘zining ziyoniga guvohlik berguvchidir!I z o h. Ya’ni inson hayoti-dunyodalik paytida har qanday hakamni o‘z tili-nutqi bilan aldab ketishi mumkin, ammo Qiyomat kunida — yolg‘iz Alloh taolo hakam bo‘lgan paytida insonning notiqligi bekor-befoyda bo‘lib qoladi. Chunki u Kunda inson o‘zini oqlash uchun qanday sabab-bahonalar topmasin, Tangri taolo tomonidan uning badanidagi barcha a’zolariga til ato etilib, ular o‘z egalarining qilib o‘tgan gunohlariga guvohlik beradilar. Mazkur oyatlarda Qiyomat kuni va insonning u Kundagi ahvoli tasvirlangach, endi so‘z Qur’onga va uning oyatlarini Jabroil farishtadan qabul qilib olish tariqasiga ko‘chadi. Payg‘ambar alayhis-salom o‘zlariga vahiy nozil bo‘layotgan paytda biron kalima yodlaridan chiqib qolmasligi uchun lablarini qimirlatib — takrorlab turar edilar. Ushbu oyatlarda u zotga bunday qilishning hojati yo‘q ekanligi uqtirildi.16. (Ey Muhammad, Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling.17. Zero uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir.18. Bas, qachon Biz (ya’ni Jabroil farishta) uni (ya’ni har bir vahiyni) o‘qib bitganimizdan so‘nggina siz ham uni o‘qishga ergashing!19. So‘ngra uni — Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir.I z o h. Ya’ni, Alloh taolo O’z kalomidagi tushunib yetish mushkul bo‘lgan ayrim oyatlarni payg‘ambar alayhis-salomga anglatish kafolatini ham O’z zimmasiga olib, payg‘ambarimizni xotirjam qilmoqda. Mana shu oyatlar kelgach, rasululloh vahiy nozil bo‘layotgan vaqtda boshlarini quyi solib, xomush o‘tiradigan va qachonki vahiy keltirgan Jabroil alayhis-salom ketganlaridan so‘nggina nozil qilingan oyatlarni o‘qiydigan bo‘ldilar. Quyidagi oyatlarda so‘z yana Qiyomat kunini yolg‘on deguvchi kimsalarga va u Kunning ahvolini tasvirlashga qaytadi.20. Yo‘q, (ey Makka mushriklari, sizlar gumon qilgandek qayta tirilish va hisobkitob yo‘q narsalar emasdir)! Balki sizlar naqd (dunyo)ni yaxshi ko‘rursizlar.21. Oxirat (Kuni)ni esa tark qilursizlar (ya’ni oxirat uchun amal qilmaysizlar)!22-23. U Kunda (mo‘minlarning) yuzlari yashnab, Parvardigorlariga boqib turguvchidir!I z o h. Darhaqiqat, axli jannat uchun Parvardigorning diydoriga yetishdan suyukliroq biron narsa yo‘qdir. Shuning uchun ham Yaratganga boqar ekanlar, ularning yuzlari yanada yashnab, munavvar bo‘lishi tabiiy holdir. Sahihul-Buxoriyda vorid bo‘lgan mana bu hadisi sharif ham mazkur oyati karima mazmunini ta’kidlaydi: «Albatta sizlar yaqinda Parvardigoringizni xuddi mana shu to‘lin oyni ko‘rib turganingizdek ochiq-ayon ko‘rursizlar».24-25. Va u Kunda (kofirlarning) yuzlari burishib, o‘zlariga albatta belni sindirguvchi (biron balo) qilinishini o‘ylab-kutib qolur!I z o h. Ushbu oyatlarda Qiyomat kunida kishilar albatta ikki guruhga – saodatmandlar va badbaxtlarga bo‘linishlari haqida xabar berilgach, quyida insonlarning dunyo hovlisidan oxirat diyoriga ko‘chishlari — jon taslim qilish soatlari g‘oyat jonli lavhalarda tasvirlanadi.26-27-28-29-30. Darhaqiqat (jon) halqumga yetgan, (vafot qilayotgan kimsaning atrofidagilar tomonidan): «Dam solib-o‘qib qo‘yguvchi biron kishi bormi?», deb qolingan, (jon taslim qilayotgan kimsaning) o‘zi (bu holatning hayoti-dunyodan) ajralish ekanini anglagan va (jon berish qiyinligidan) oyoq oyoqqa chalmashib qolgan bir vaqtda — ana o‘sha kunda yolg‘iz Parvardigoringiz (huzuri)ga haydalish bordir!I z o h. Dunyoda yashash soati bitib, ajali yetgan har bir kishi topgan bola-chaqasini ham, mol-davlatini ham, sha’nu-shavkatini ham tark etib, yolg‘iz holda Alloh taolo huzuriga haydalishi bor ekan, demak u Yaratganga yorug‘ yuz bilan ro‘baro‘ bo‘lish uchun hayoti-dunyodagi har bir lahzasini iymon-e’tiqod va ezgu amallar qilish bilan o‘tkazishi lozim. Ammo kaltabin inson esa...31. Na (Qur’on va payg‘ambarni) tasdiq etdi va na namoz o‘qidi!32. Balki u (Qur’onni) yolg‘on dedi va (iymondan) yuz o‘girdi!33. So‘ngra (mana shu qilmishlaridan uyalish o‘rniga) gerdayganicha o‘z ahli tomon ketdi!34. (Ey ko‘rnamak iison), o‘lim bo‘lsin senga, o‘lim!35. So‘ngra yana o‘lim bo‘lsin senga, o‘lim!36. Inson o‘zini (bu dunyoda dinu iymonga buyurilmasdan, oxiratda esa qayta tirilib hisob-kitob qilinmasdan) bekor tashlab qo‘yilishini o‘ylarmi (tama’ qilurmi)?!37. Axir u (bachadonga) to‘kiladigan maniydan bir (haqir) nutfa emasmidi?!38. So‘ngra laxta qon bo‘ldi. Bas, (Alloh uni) yaratib, raso (inson) qildi.39. So‘ng undan erkak va ayol juftlarini (paydo) qildi.40. Ana shu (Alloh) o‘liklarni tiriltirishga qodir emasmi?! (Albatta Alloh bunga qodirdir)!
Ne govori nichego durnogo o kom libo, esli tochno ne znaesh etogo, a esli i znaesh, to sprosi sebya: pochemu ya eto govoryu?
|
|
| |