MaRJoNa | Дата: Yakshanba, 17.02.2013, 14:31 | Сообщение # 1 |
Рядовой
Группа: Sayt Moderatori (SM)
Сообщений: 314
Статус: Saytda emas
| MUDASSIR SURASI Bu sura ham Makkada nozil qilingan. U ellik olti oyatdir. Bu surada ham xuddi avvalgi surada bo‘lganidek, so‘z asosan Payg‘ambar alayhis-salom shaxsiyatlari xususida borib, dastlabki oyatlarda Payg‘ambarimizga da’vat yukini o‘z zimmalariga olishlari amr etiladi va bu yo‘lda kofirlar tomonidan o‘zlariga yetadigan ozor-aziyatlarga Alloh uchun sabr-toqat qilish buyuriladi. Sura davomida Qiyomat Kunida kofirlar uchun oson bo‘lmasligi ta’kidlanadi va ulardan birining kirdikori batafsil fosh etiladi. So‘ngra kofirlarga va’da qilingan do‘zax va uning qo‘riqchi-xodimlarining sanoqlari to‘g‘risida so‘z yuritilib, bu sanoq faqat imtihon uchun aytilgani bayon qilinadi, Bu suradan jannat ahlining do‘zaxilar bilan qiladigan savol-javoblari ham o‘rin olgandir. Sura Makka mushriklarining Haq yo‘liga yurmayotganlaridan g‘amgin bo‘lgan Payg‘ambar alayhis-salomga har ish Alloh taoloning xohish-irodasi bilan bo‘lishini bildirib, taskin-tasalli berish bilan xotima topadi.Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1—2. Ey (liboslariga) burkanib olgan zot, turing-da, (insonlarni oxirat azobidan) ogohlantiring!I z o h. Sahobalardan Jobir ibn Abdulloh (Alloh undan rozi bo‘lsin) rivoyat qilishlaricha, payg‘ambar alayhis-salom yuqoridagi oyatlar nozil bo‘lishi xususida shunday deganlar: «Men bir kuni yo‘lda ketayotib osmondan bir ovoz eshitdim. Boshimni ko‘tarib qarasam, banogoh men Xiro g‘orida ekanligimda oldimga kelgan farishta osmon bilan yerning o‘rtasida muallaq bo‘lgan bir kursida o‘tiribdi. Bu holni ko‘rib qo‘rqqanimdan yerga yiqildim va qaltirab-titragan holimda uyga yetib kelib, «Meni o‘rab qo‘yinglar, meni o‘rab qo‘yinglar», dedim. Endi ko‘rpaga burkanib yotganimda, menga «Ey (liboslariga) burkanib olgan zot», deb boshlangan oyatlar nozil bo‘ldi».3. Yolg‘iz Parvardigoringizni ulug‘lang!4. Liboslaringizni pok tuting!5. Butlardan yiroq bo‘ling!6. (Berayotgan narsangizni) ko‘p sanagan holingizda ehson qilmang!7. Yolg‘iz Parvardigoringiz (yuzi) uchun (kofirlar tomonidan yetadigan ozorlarga) sabr qiling!8-9. Chunki qachon (qiyomat qoyim bo‘lgani haqida xabar berib) burg‘u chalinganida, ana o‘sha Kun qiyin Kundir!10. Kofirlarga oson bo‘lmagan (Kundir)!I z o h. Ushbu oyatlarda Alloh taolo O’z payg‘ambarini zimmasidagi payg‘ambarlik vazifasini sabr-toqat bilan ado etishga chorlab, u zotga yaqinda din yo‘liga g‘ov bo‘lgan kimsalar uchun qiyin bir Kun – Qiyomat kelishi to‘g‘risida xabar berdi. Endi quyidagi oyatlarda o‘sha kofirlardan biri bo‘lgan Valid ibn Mug‘iyraning Qur’on va Payg‘ambar alayhis-salomga qarshi qilgan kirdikori va u topajak oqibat haqida so‘z boradi.11. (Ey Muhammad), Men so‘qqabosh holida yaratgan kimsani O’zimga qo‘yib bering!12-13. Men unga keng-mo‘l mol-davlat va (doimo yonida) hoziru nozir o‘g‘illarni (ato) qildim.14. Yana unga (hayotning barcha ne’matlarini) qulay-oson qilib qo‘ydim.15. So‘ngra u yana ziyoda qilishimni tama’ qilur.16. Yo‘q, (uning tama’si behudadir)! Chunki u Bizning oyatlarimizga qarshilik qilguvchidir.17. Yaqinda Men uni bir xarsang toshga (ya’ni o‘tib bo‘lmas to‘siqqa) duchor qilajakman!18. Chunki u (Qur’onni eshitgach, bu ilohiy Kitobga qanday tuhmat qilish to‘g‘risida) o‘yladi, reja tuzdi.19. Halok qilingur, qanday reja tuzdi-ya?!20. Yana halok qilingur, qanday reja tuzdi-ya?!21. So‘ngra u (o‘ylagan rejalariga) qaradi.22. So‘ngra (Qur’ondan biron ayb topa olmagach, peshonasini) tirishtirdi va (aftini) burishtirdi.23. So‘ngra (Haqdan) yuz o‘girdi va kibr-havo qildi.24-25. Bas, u: «Bu (Qur’on Allohning so‘zi emas, balki) faqat (avvalgilardan naql qilinayotgan bir sehrdir. Bu faqat basharning so‘zidir», dedi.26. Yaqinda Men uni Saqarga (jahannamga) kiritajakman!27. (Ey Muhammad), Saqarning nima ekanligini siz qaerdan ham bilar edingiz.28. U (biron kofirni) qoldirmas – qo‘ymas (balki kuydirib halok qilur)!29. (U besh yuz yillik masofadan) insonlarga yaqqol ko‘rinib turguvchidir.30. Uning ustida o‘n to‘qqiz (farishta qo‘riqchilik-egalik qilur).31. Biz faqat farishtalarni do‘zax egalari-qo‘riqchilari qildik va Biz faqat kofir bo‘lgan kimsalarni sinash uchun u (farishta)larning sanog‘ini (o‘n to‘qqizta) qildik. Toki kitob berilgan kimsalar (ya’ni yahudiy va nasroniylar o‘zlarining ilohiy kitoblari bo‘lmish Tavrot va Injilda ham do‘zax qo‘riqchilari bo‘lgan farishtalar sanog‘i o‘n to‘qqizta ekani aytilganini ko‘rib Qur’onning Alloh tomonidan nozil qilingan Haq Kitob ekanligini) aniq bilgaylar va iymon keltirgan zotlarning iymonlari esa yanada ziyoda bo‘lgay hamda kitob berilgan kimsalar ham, mo‘minlar ham (do‘zax qo‘riqchilarining sanog‘i to‘g‘risida) shak-shubha qilmagaylar. Va toki dillarida maraz (munofiqlik) bo‘lgan kimsalar va kofirlar: «Buni misol qilish bilan (ya’ni farishtalar sanog‘ini o‘n to‘qqizta qilish bilan) Alloh nima demoqchi?» degaylar. Alloh O’zi xohlagan kimsalarni mana shunday yo‘ldan ozdirib qo‘yur va O’zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Parvardigoringizning qo‘shinlarini (ya’ni farishtalarning qancha adadda va qanday sifatda ekanliklarini) yolg‘iz Uning O’zigina bilur. U (ya’ni ushbu oyatlarda ta’riflangan jahannam) faqat insonlar (pand-nasihat olishlari) uchun bir eslatmadir.32. Darhaqiqat, Oyga qasam,33. O’tib ketgan tunga qasam,34. Yorishib kelayotgan tongga qasamki,35-36-37. Albatta u (jahannam barcha) insonlar uchun — sizlarning orangizda (yaxshilik va toat-ibodat tomonga) ilgarilayotgan yoki (kufru isyon tomoniga) chekinayotgan kishilar uchun — ogohlantirguvchi bo‘lgan cho‘ng (balo)lardan biridir.38. Har bir jon o‘zi (hayoti-dunyoda) kasb qilgan amali sababli (do‘zaxda) ushlanguvchidir.39. Faqat o‘ng qo‘l egalarigina (ya’ni hayoti-dunyoda iymon keltirganlari va ezgu amallar qilganlari sababli Qiyomat kunida nomai a’mollari o‘ng qo‘llaridan berilgan saodatmand zotlargina do‘zaxdan) najot topguvchidirlar.40-41. Ular jannatlarda bir-birlari bilan (do‘zaxga tashlangan) jinoyatchi-kofir haqida savol-javob qilishurlar.42. (Ular do‘zax ahliga): «Sizlarni nima Saqarga kiritdi?» (deganlarida),43. Ular ayturlar: «Bizlar namoz o‘qiguvchilardan bo‘lmadik.44. Miskin-bechoraga taom berguvchi ham bo‘lmadik.45. Bizlar (botil-behuda so‘zlarga) sho‘ng‘iguvchi kimsalar bilan birga sho‘ng‘ir edik (ya’ni, Qur’on va payg‘ambar xususida tuhmat-yolg‘onlar to‘qir edik).46-47. To bizlarga aniq (o‘lim) kelgunicha bizlar Jazo — Qiyomat kunini yolg‘on der edik».48. Endi oqlovchilarning oqlovi ularga foyda bermas!I z o h. Ya’ni Qiyomat kunida hayoti-dunyodan kofir bo‘lib o‘tgan kimsalar o‘zlari uchun biron oqlovchi topa olmaslar va agar farazan yer yuzidagi barcha odamlar ularni oqlagan taqdirda ham bu oqlov ularga foyda bermas! Yuqoridagi oyatlarda kofirlar topadigan oqibat zikr qilindi. Endi quyidagi oyatlarda ularning Haqdan yuz o‘girishlari to‘g‘risida bir ibratli misol keltiriladi:49-50-51. Nega ular xuddi sherdan qochgan yovvoyi eshaklarga o‘xshab, bu Eslatmadan — Qur’ondan yuz o‘giradilar-a?!52. Yo‘q, (ular hech qachon Qur’on oyatlariga quloq tutmaslar, balki) ulardan har bir kimsa o‘ziga ochiq sahifalar berilishini istar!I z o h. Makka mushriklari Muhammad alayhis-salomga: «Toki sen bizlarning har birimizga osmondan alohida sahifa keltirmaguningcha va bu sahifada har birimizga Alloh tomonidan senga ergashish buyurilganini o‘qib ko‘rmagunimizcha, senga iymon keltirmaymiz», deganlarida, ushbu oyati karima nozil bo‘ldi.53. Yo‘q, (ularning kofir bo‘lishlariga sabab, aslo ularga ochiq sahifalar berilmagani emas), balki ular oxirat(ga iymon keltirmaydilar va unda bo‘ladigan azob-uqubat)dan qo‘rqmaslar (va shu sababdan Qur’ondan yuz o‘girurlar).54. Ha, albatta u (Qur’on) bir eslatmadir.55. Bas, xohlagan kishi undan eslatma-ibrat olur.56. Ular yolg‘iz Alloh xohlaganidagina (Qur’ondan) eslatma-ibrat olurlar. U (Alloh) taqvo egasidir (ya’ni bandalari Undan taqvo qilishlari — qo‘rqishlari lozimdir) va (U Alloh taqvo qilguvchi bandalari uchun) mag‘firat egasidir.
Ne govori nichego durnogo o kom libo, esli tochno ne znaesh etogo, a esli i znaesh, to sprosi sebya: pochemu ya eto govoryu?
|
|
| |