Rossiya muzqaymoq tayyorlovchilar qo'mitasi direktori V.Volkovning aytishicha, mazkur shirinlik yozning jazirama kunlarida tana haroratini tushirib, insondagi energiyani tiklash xususiyatiga ega. Olimlarning so'nggi izlanishlari shuni tasdiqlaydiki, muzqaymoq kishini diqqinafaslik, ko'ngil g'ashligi, tushkunlik holatlaridan qutqaradi. Tajribalar davomida muzqaymoq yeb turgan 50 nafar odamning bosh miya faoliyati zamonaviy uskunalar yordamida tekshirildi. Tadqiqotlar muz qaymoq miyaning xursandchilik hamda yaxshi kayfiyat uchun «javobgar» hududlariga ta'sir qilishini isbotladi. Ko'pincha muzqaymoq angina, tonzillit, gaymorit, frontit singari kasalliklar bilan og'riydigan bemorlarga tavsiya qilinmaydi. Lekin ayrim shifokorlar tomoq bilan bog'liq kasalliklarni muzqaymoq yordamida davolash tarafdoridirlar. Tanani sovuq haroratda chiniqishga o'rgatganimiz kabi tomoqni ham bunday muolajalarga ko'niktirish mumkin. Muzqaymoqni doimiy ravishda iste'mol qilish immunitetni hosil qiladi va tomoq past temperaturaga moslashib boradi. Faqat bunday mashqlarni asta-sekinlik bilan amalga oshirgan ma'qul.