O'zim bilib-bilmay ko'p gunoh
qildim,
Mo'lroq yashab qo'ydim
mo'ljaldagidan.
O'lsam bo'lmasmidi ko'kka tikilib,
Maysalar ustida, gulning tagida...
Yashashdan charchadim, zerikib
ketdim,
Mening tor ko'nglimga sig'mas
bayramlar.
Dilimga ilonning tillari yetdi –
Po'st tashlab, turlanib yurgan
nayranglar.
Endi kun ko'rishim qiyindan-
qiyin,
Endi havolar ham og'irdan-og'ir.
Achchiq-achchiq yig'lab, yo'l
yurgan sayin
Uzun-uzun bo'lib sudralar xotir.
O'zim bilib turib, ko'p gunoh qilib
Ko'proq yashab qo'ydim
mo'ljaldagidan.
O'lsam bo'lmasmidi ko'zlarim
tinib,
Suv ichgan chog'imda qizning
kaftidan.
Endi meni qiynar qiyoqning guli –
Nozik kapalakning hidsiz qanoti.
Endi meni qiynar vaqtida o'lib,
Meni obketmagan do'stimning
yodi.
... Ona, junjikmangiz sovuq
so'zlardan,
Men endi o'lmayman, yig'lamang
yana.
Faqat maqtov kutib suzuk
qizlardan
Yolg'on she'rlar yozib
charchadim, ona.
Faqat o'zim bilmay ko'p gunoh
qilib,
Mo'lroq yashab qo'ydim
mo'ljaldagidan.
O'lsam bo'lar ekan ko'zlarim
kulib,
Belanchak ichida, tolning tagida...