Barselona shahrida o‘tayotgan
hamda mobil dunyosida yilning
eng olamshumul voqeasi
sanalgan “Mobile World
Congress 2012” (“MWC 2012”)
ko‘rgazmasida Janubiy
Koreyaning “Samsung”
kompaniyasi o‘zining yangi
mahsulotlari bilan yana
muxlislarini shod qildi. Xususan,
u ko‘rgazmada yangi “Galaxy
Beam” proyektorli smartfoni,
“Galaxy Note” smartfonining
10,1 dyumlik planshet versiyasi
hamda “Galaxy Tab 10.1”
planshet kompyuterining
ikkinchi versiyalarini namoyish
qildi.
Yangi “Samsung Galaxy Beam”
smartfoniga maxsus proyektor
o‘rnatilgan bo‘lib, uning
yordamida telefondagi
tasvirlarni katta ekranga ham
chiqarish mumkin. Bunda
proyektor orqali katta ekranga
chiqarilgan tasvir
proyeksiyasining diagonali 50
dyumgacha bo‘lishi mumkin.
Ushbu proyektorni ishlatish
uchun smartfonga maxsus ilova-
dastur oldindan o‘rnatilgan
bo‘ladi.
Proyektorli “Samsung Galaxy
Beam” smartfoni
Foto: “Samsung”
Apparatning ichki xotirasi 8
gigabayt bo‘lib, unga 32
gigabaytgacha microSD-karta
qo‘shish imkoni ham mavjud.
Orqa kamera – 5 megapiksel.
Protsessor – ikki yadroli, bir
gigagers chastotali. Unga
hozircha “Android 2.3
Gingerbread” mobil operatsion
tizimi o‘rnatilgan bo‘lib,
keyinchalik uni “Android 4.0 Ice
Cream Sandwich”gacha
yangilash mumkin.
“Samsung” yaqinda smartfon
hamda planshet kompyuterning
gibridi sanalgan 5,3 dyumlik
“Galaxy Note” smartfonini
sotuvga chiqargan edi. Uning
o‘ziga xos jihatlaridan biri
maxsus “S-Pen” deb nomlangan
stilus bo‘lib, u yordamida telefon
ekranida rasm chizish,
eslatmalarni yozish va boshqa
ko‘plab ishlarni bajarish mumkin.
“MWC 2012” ko‘rgazmasida esa
ushbu smartfonning
kattalashtirilgan versiyasi, ya’ni
10,1 dyumlik ekranga ega
“Galaxy Note 10.1” planshet
kompyuteri taqdim qilindi.
“Samsung Galaxy Note 10.1”
planshet kompyuteri
Foto: “Samsung”
Planshetga ba’zi ilova-dasturlar,
jumladan “Adobe Photoshop
Touch” grafik dasturi, “Adobe
Ideas” vektorli “rassomi” hamda
“S Note” yondaftarcha dasturlari
oldindan o‘rnatilgan bo‘ladi.
Ushbu dasturlarni ishlatishda
stilusdan foydalanish, albatta,
qo‘l keladi.
“Samsung” fevral oyining
boshida 7 dyumlik “Galaxy Tab
7.0” planshet kompyuterining
ikkinchi versiyasini anons qilgan
edi. Kecha esa u o‘zining 10.1
dyumlik “Galaxy Tab 10.1”
planshetining ham ikkinchi
versiyasini taqdim qildi.
“Samsung Galaxy Tab 2 (10.1)”
planshet kompyuteri
Foto: “Samsung”
Ko‘pchilik “Samsung”dan to‘rt
yadrolik apparatlarni kutayotgan
edi, biroq Janubiy Koreya
sanoatining bayroqdor
kompaniyasi hali bunday
gadjetlarni ommaga namoyish
qilganicha yo‘q.