Bir badavlat yigit ko`chadan o`tib
ketayotsa, ingichka ovozi bilan
odamlardan sadaqa so`rayotgan
kichkina, nimjongina qizchaga
ko`zi tushibdi. Qizaloqning abgor
ahvolidan ko`ngli buzilibdi-yu,
darrov cho`ntagiga qo`l suqib,
yonida borini unga berib
yubormoqni niyat qilibdi. Shu
zahoti shaytonning ovozi
eshitilibdi: «Sen bu pullarni
osonlikcha topibsanmi! Butun
mol-dunyoingni sadaqa qilib
yuborsang ham, bunaqa
tilanchilarning hammasiga
yordam berolmaysan. Qo`yaver,
Xudo buning peshonasiga
shunaqa taqdir bitgan!». Yigit
qizchaga ko`p qatori arzimagan
bir necha chaqa beribdi-yu,
yo`lida davom etibdi. Kechqurun
oilasi bilan to`kin dasturxon
atrofida o`tirganida, «uni
emayman, buni emayman», deya
tansiq eguliklarni rad etayotgan
erkatoy qizchasining lo`ppi
yuzlariga, tiqmachoqdek
bilaklariga boqar ekan, egni
yupunligidan diydirab, sovuq
qotgan, ozg`in qo`llarini
odamlarga cho`zganicha sadaqa
tilayotgan qizaloq ko`z oldiga
kelibdi. Shaytonning gapiga kirib,
yonida borini unga berib
yubormaganidan afsus chekibdi.
Tunda Allohga nido qilibdi:- Ey
Qodir Egam! Bu qizchaga nega
bu qadar qiyin taqdirni ravo
ko`rding? Bunaqada u qachon
odamga o`xshab yashaydi?!
Yigitning qulog`iga shunday ovoz
eshitilibdi: «Seni nega badavlat
etib yaratganimizni tafakkur
qilmaysanmi?!»...