[b]Toshkentda "Chevrolet Malibu” taqdim etildi Toshkentda 20-mart kuni "GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan "Chevrolet Malibu” avtomobilining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yuksak harakatlanish xarakteristikasi, zamonaviy xavfsizlik tizimi va betakror interyeri bilan alohida ajralib turuvchi "Malibu”da yangi dizaynerlik ishlanmalari qo‘llanilgan: ikki seksiyali Chevrolet radiator panjaralari, kuchli ksenon faralar, shuningdek, svetodiodli bejirim orqa faralar shular jumlasidandir. Avtomobil 2,4 litr hajmli, to‘rt silindrli 169 va 263 ot kuchi quvvatiga ega mexanik va avtomat uzatmali dvigatel bilan jihozlangan. Ushbu modelda rul boshqaruvining yaxshilangani avtomobilning haydovchi harakatiga nisbatan tez va aniq reaksiyasini ta’minlaydi, izolatsiya qilingan oldingi rama shovqin va vibratsiyaning salonga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. "Malibu” kuzovi konstruksiyasi mustahkam ishlangani avtomobilni yuqori tezlikda boshqarishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Avtomobil yangi audio va navigatsiya tizimlari bilan jihozlangan. "Malibu” oltita xavfsizlik yostiqchasi, bosh va bo‘yin qismlarni himoya qiluvchi xavfsizlik pardalari bilan ta’minlagan. "Chevrolet Malibu” iyun oyidan boshlab sotuvga chiqariladi.[/b]