Bosh sahifa » 2012»Aprel»12 » “Facebook” kutilmaganda “Instagram”ni sotib olganligini ma’lum qildi
15:24
“Facebook” kutilmaganda “Instagram”ni sotib olganligini ma’lum qildi
"Facebook” kompaniyasi kutilmaganda yangi o‘sib kelayotgan mashhur servislardan biri – "Instagram”ni sotib olganligini ma’lum qildi. Bu haqda "Facebook” asoschisi va uning hozirgi kundagi bosh ijrochi direktori Mark Sukerberg o‘zining "Facebook”dagi sahifasida xabar qilgan. "Mashable” texnoblogining yozishicha, kelishuv taxminan 1 milliard dollarga baholangan bo‘lib, hisob-kitob naqd pul hamda "Facebook”ning aksiyalari bilan amalga oshiriladi. Kelishuvning rasmiy hujjatlari shu chorak oxirigacha imzolanishi kutilmoqda. "Instagram” jamoasi esa endilikda "Facebook”ka qo‘shiladi. "Instagram” – bu, foydalanuvchilar o‘rtasida rasm ulashishga asoslangan ijtimoiy tarmoq bo‘lib, u faqat iOS va Android operatsion tizimlarida ishlovchi mobil qurilmalar uchun chiqarilgan ilova-dastur shaklida faoliyat ko‘rsatadi. "Instagram” yordamida smartfon kamerasida olingan yoki uning xotirasida saqlangan rasmlarga qo‘shimcha effektlar berish, ramka qo‘yish, filterlarni qo‘llash mumkin. Tayyor bo‘lgan rasmni, "Instagram”ning o‘zida yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlaringiz bilan baham ko‘rishishingiz ham mumkin. Hozirda uning foydalanuvchilari soni 30 milliondan oshib ketgan. "Instagram” ilova-dasturi, dastlab, faqat iOS operatsion tizimi uchun chiqarilgan bo‘lib, uning Android-versiyasi yaqindagina – 3-aprel kuni chiqarilgan edi. Hozirda "Instagram” foydalanuvchilari servisga kuniga o‘rtacha 5 milliondan ortiq rasm yuklashmoqda.