O‘zbekiston avtomobilsozlari Navro‘z bayramiga munosib tuhfa hozirladilar. Poytaxtimizda 20 mart kuni "GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan "Chevrolet Malibu” avtomobilining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari, "O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar, "General Motors” kompaniyasi, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Marosimda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoatiga asos solingani va ushbu soha bugungi kunda iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylangani alohida ta’kidlandi.
"O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida qariyb 40 kompaniya, shu jumladan, Janubiy Koreya, AQSH, Italiya, Germaniya, Gollandiya kabi mamlakatlar kapitali va texnologiyalari ishtirokidagi korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda yengil avtomobillar, avtobuslar, yuk avtomobillari va butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda. Soha korxonalarida 16 mingdan ziyod kishi mehnat qilmoqda.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar nafaqat mamlakatimiz, balki xorij bozorlaridan ham munosib o‘rin egallab, boshqa davlatlarda xaridorlar ishonchiga sazovor bo‘lmoqda. Avtomobillarimizning zamonaviy standartlarga javob berishi, qulayligi, xavfsizligi, ishonchli va tejamkorligi bu muvaffaqiyatlarda muhim omil bo‘lmoqda. Avtomobilsozlarimiz iste’molchilarning talab va takliflarini inobatga olgan holda avtomobillarni takomillashtirish, modellar qatorini kengaytirish ustida muntazam ish olib bormoqda.
"GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida yangi model – "Chevrolet Malibu”ni ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani fikrimizning dalilidir.
Yuksak harakatlanish xarakteristikasi, zamonaviy xavfsizlik tizimi va betakror interyeri bilan alohida ajralib turuvchi "Malibu”da yangi dizaynerlik ishlanmalari qo‘llanilgan: ikki seksiyali Chevrolet radiator panjaralari, kuchli ksenon faralar shular jumlasidandir.
Avtomobil 2,4 litr hajmli, to‘rt silindrli 169 va 263 ot kuchi quvvatiga ega mexanik va avtomat uzatmali dvigatel bilan jihozlangan. Ushbu modelda rul boshqaruvining yaxshilangani avtomobilning haydovchi harakatiga nisbatan tez va aniq reaksiyasini ta’minlaydi, izolatsiya qilingan oldingi rama shovqin va vibratsiyaning salonga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. "Malibu” kuzovi konstruksiyasi mustahkam ishlangani avtomobilni yuqori tezlikda boshqarishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Avtomobil yangi audio va navigatsiya tizimlari bilan jihozlangan. Yuksak talablarga javob beruvchi simsiz Bluetooth aloqasi hands free tizimidan smartfonlar uchun foydalanish imkonini beradi. "Malibu” oltita xavfsizlik yostiqchasi, bosh va bo‘yin qismlarni himoya qiluvchi xavfsizlik pardalari bilan ta’minlagan.
2012 yilning iyun oyidan boshlab sotuvga chiqariladigan "Chevrolet Malibu” yurtdoshlarimizning yana bir sevimli avtomobiliga aylanishiga shubha yo‘q.