& Mag`rur sevgi… Shunaqasi ham bo`larkan dunyoda. Sevasanu, lek oshkor qilishga g`ururing yo`l qo`ymaydi. Ichingda sevging deb kuyib- pishasanu, ammo tashqariga hatto tututnini ham chiqarolmaysan. Eng yaqin sirdoshing ham kimni sevishingni bilolmaydi. Avvallari hatto o`zingdan ham qizg`angan nigohing bugun unga, ha, ha, o`sha insonga qadalgan. Avvallari hech kimga aytilmagan, qalbing tubidagi sirlaringni unga oshkor etging keladi. O`sha inson sening orzuingdagi shahzoda, tushlaring farishtasi, sen bir umr kutgan yor. U bilan baxtli bo`lishga, u bilan hayot yo`lingni bog`lashingga ko`zing yetadi. Lekin yana mag`rurlik qilasan… Sen tushingda ko`rgan, orzu qilgan xayollar ro`yobga chiqa boshladi. Ich-ichingdan quvonasan, dunyoga jar solging keladi: "Sevib qoldim” deya. Ammo yana o`sha qizlik g`ururing halal beradi… U senga nigoh tashlaganida bor badaning titrab ketadi-yu, ammo atrofdagilarga sezdirmaysan. Yuzing hayajondan qizarsa, kun issiqligini bahona qilasan. Sevganing dugonalaring bilan uzoq gaplashib qolsa, yuraging yorligudek bo`ladi. Shu choq uni hammadan, hatto o`zingdan ham rashk qilib, qizg`anib ketasan. Lekin uni yoniga borib: "Sizni sevaman” deyolmaysan. Seningcha, bu gapni aytsang, o`sha on g`ururing o`ladi, qat`iyating sinadi… Kutilmaganda u yoningga kelib seni sevishini aytadi. Quvonching ichingga sig`may turibdi-ku, lekin yana mag`rurlik qilib, uning sevgisini sinovdan o`tkazasan. Bunchalar beshafqatsan-a? "Sevdim” deb ko`zlaringga termulib turgan sevgilingga rahming ham kelmaydi-ya?! U hatto sen bilan hayot yo`lini birlashtirmoqchiligini aytdi. Axir bu sening umrbod Ollohdan tilagan baxting-ku! Yo`q, shunda ham mag`rursan… Eh, yurak! Buncha mag`rur bo`lmasang. Nahot, sen sevgan yor biro g`iz "sevdim” degan so`zingga arzimasa? Shunchalar mag`rursanki, o`z his- tuyg`ularingni oshkora aytolmaysan… Biroq…Biroq muhabbat shunday kuch ekan-ki… Hatto mag`rurlik ham uning oldida tiz cho`kar ekan. Chin sevgi mag`rurlikni yengadi… Bir kun kelib mag`rur sevgi oshkor bo`ladi…