Google kompaniyasi Timelapse loyihasini taqdim etdi
Google kompaniyasi so‘nggi 28 yil ichida yer yuzi mintaqalari qiyofasi qanday o’zgarganini ko‘rsatuvchi Timelapse nomli loyihasini taqdim etdi. Ushbu dasturda Orol dengizining qurib borishi va sahroga aylanishi ham aks ettirilgan.
Timelapse loyihasi HTML5 formatidagi tasvirlarni o‘zida mujassam etgan. Bunda 1984-2012 yillar mobaynida Lendset (Landsat) yo‘ldoshlari orqali tasvirga olingan suratlar xronologik tartibda joylashtirilgan.
Rang-barang tasvirlar yordamida siz Orol dengizining qay tariqa suvsizlanib, ayanchli ahvolga kelganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Bundan tashqari, Amazoniya o‘rmonlaridagi daraxtlarning kesilishi, Las-Vegas shahrining rivojlanishi kabi sayyoramizda yuz bergan ko‘plab muhim jarayonlarni ko‘rish imkoni mavjud.