"Agar televidenie
xuddi hozirgidek
rivojlanishda
davom etsa,
bugun tug‘ilgan
bola 18 yoshga
to‘lgach, eng ko‘p
vaqtini uyquda va televizor
qarshisida o‘tkazadi", deb yozgan
edi Entoni Giddens "Sotsiologiya"
asarida. Olimning qanchalik haq
ekanligi vaqt o‘tgach ma'lum
bo‘ladi. Umuman olganda,
kutishga hojat ham yo‘q, negaki
Grabovskiy kashf etgan "qora
quti" o‘zining nimalarga
qodirligini ancha ilgariroq
ko‘rsata boshladi.
Odamlar pult orqali
boshqariladi(mi)?
Televizor juda tez fursatlarda
xonadonlarga kirib bordi va
qaysidir ma'noda insoniyat
hayotining mazmuniga aylandi.
Ajablanarlisi shundaki, bu qadar
keng ommani o‘ziga
ohanrabodek jalb eta olgan
boshqa shunga o‘xshash
buyumni tarix hali hech qaysi
zamonda ko‘rgan emas. Millionlar
o‘yini futbol - faqat shu sohadan
xabardor odamlarnigina
qiziqtiradi, lekin futbolchilarning
orasida televizor ko‘rmaydigani
deyarli uchramasa kerak. To‘g‘ri,
qachonlardir, kitob o‘qish -
ajdodlarimizning sevimli
mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgan.
Lekin bu mashg‘ulot bilan
hamma yoppasiga shug‘ullana
olmas, kitob o‘qish uchun savod
kerak edi. Bugun televidenie
orqali uzatilayotgan yengil-elpi
dasturlarni ko‘rish uchun esa,
aksincha, savodning bo‘lmagani
yaxshi.
Odamlar kundalik turmushini
yangiliklar, seriallar va shoularsiz
tasavvur qila olmaydigan, kun
tartibini TV dasturlariga qarab
tuzadigan bo‘lib qoldi. Pult bilan
boshqariladigan televizorlar
dastavval mo‘jizadek ko‘rindi, ke
yinchalik biz o‘tirgan joyimizdan
bir necha metr uzoqlikdagi
"quti"ni boshqarishga ko‘nikib
ham qoldik. Darvoqe, kim-kimni
boshqarayotganini avval aniqlab
olish kerak.
Birgina teledasturlar birdaniga
teatr, muzey, sayohat va
mutolaaning o‘rnini to‘ldirgandek
bo‘lyapti. Hech kimga ma'lum
bo‘lmagan axborotlar, madaniy
hordiq chiqarishga yordam
beradigan dasturlarning aynan
televizor orqali uzatilayotganini
hech kim inkor qilmaydi, biroq
ekran ortidan dunyoni tanir
ekanmiz, biz mustaqil izlanish va
fikr yuritish qobiliyatidan asta-
sekinlik bilan mahrum bo‘lib
boramiz. San'atga, go‘zallikka
bo‘lgan ehtiyoj va bu
tushunchalarning asl mohiyati
yo‘qolib ketadi. Televizor
qarshisida ulg‘ayayotgan
yoshlarimizning Vatanga,
hayotga, ota-onasiga nisbatan
munosabati ham avvalgidek
emasdek, nazarimizda.